Buxoro viloyatining Vobkent, Romitan va Buxoro tumanlari hokimlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29−30 mart kunlari tashrifidan so‘ng o‘zgardi. Bu haqda viloyat ma’muriyati matbuot xizmati xabar qildi.

Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev ishtirokida ko‘rsatib o‘tilgan tumanlar xalq deputatlari Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalarida tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Vobkent tumanini 2009 yildan buyon boshqarib kelayotgan Asqar Nazarovich Javodov vazifasidan ozod etildi. Peshko‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bafoyev Bahodur Sanoyevich vaqtinchalik tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

2018 yil may oyidan buyon vaqtinchalik Romitan hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Halimov Baxriddin Shamsiyevich o‘rniga Romitan hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalaribo‘yicha birinchi o‘rinbosari Tohirov Xurshid Yahyoyevich yangi hokim bo‘ldi.

Buxoro tumanini 2016 yildan buyon boshqarib kelayotgan Esanov Muhiddin Turdiyevich boshqa lavozimga o‘tgani sababli lavozimidan ozod qilinib, o‘rniga Do‘stov Qaxramon Bozorovich Buxoro tumani hokimi etib tayinlandi.

Shuningdek, 2014 yildan buyon Buxoro davlat universiteti rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Abduqobil Abdunabiyevich To‘laganov vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining sobiq prorektori (2017−2019) iqtisodiyot fanlari doktori Obidjon Xafizovich Hamidov tayinlandi, deya xabar qildi BDU ma’muriyati xodimi.

Buxoro muhandis-texnologik institutini boshqarib kelayotgan texnika fanlari doktori Ulug‘bek Turg‘unovich Muhamadxonov ishdan bo‘shatildi. Uning o‘rniga tayinlovga qadar O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida faoliyat ko‘rsatgan Nusratullo Rajabovich Barakayev tayinlandi. U 2014−2015 yillarda Guliston davlat universiteti rektori vazifasini ham bajargan.