Ozarbayjon poytaxtida boks bo‘yicha «Buyuk ipak yo‘li» nomli xalqaro musobaqa o‘z yakuniga yetdi. 10 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etgan joriy turnirda O‘zbekiston delegatsiyasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medallarini jamg‘ardi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston terma jamoasi bu natija bilan umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu borada mezbon jamoa vakillari peshqadamlikka ega chiqdi. Kuchli uchlikni esa qozog‘istonlik sportchilar band etdi. Musobaqada shohsupaga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik sportchilarni eslatib o‘tamiz:

Iqboljon Xoldorov (-69 kg) — oltin;

Madiyar Saydrahimov (-91 kg) — oltin;

Obid Tohirov (+91 kg) — oltin;

Nodirjon Mirzaahmedov (-49 kg) — kumush;

Shukurjon Rahimov (-60 kg) — kumush;

Jasurbek Latipov (-49 kg) — bronza;

Hasanboy Do‘smatov (-52 kg) — bronza;

Xurshid Abdullayev (-81 kg) — bronza.