Toshkentda boshlangan Xalqaro moliya-bank forumida O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov so‘zga chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

— Moliya sohasi bo‘ladimi, iqtisodiyot sohasi bo‘ladimi, prezident bizning oldimizga bitta muhim vazifa qo‘ygan, u ham bo‘lsa odamlar peshona teri bilan topgan pulini, mablag‘ini erkin, o‘zi xohlaganidek, istagan joyda tasarruf etishiga sharoit yaratish kerak, — deydi M.Nurmuratov. — Bu jarayonda banklar aholi ishonchiga kirib borishi shart. Ana shunda tadbirkor ham, aholi ham o‘z mablag‘larini bankka ishonib, topshirishi kerak bo‘ladi.

Xalqaro moliya-bank forumida yig‘ilishdan maqsad ham shunga qaratilgan. Chunki, o‘zining qozonida qaynab, hech kim yutuqqa erisha olmaydi. Shu kabi biz ham xorijiy hamkorlarsiz, o‘zaro hamjamiyat to‘lov tizimi bilan bog‘lanmay turib, o‘zimiz o‘ylaganimiz kabi ulkan yutuqlarga erisha olmaymiz. Ayni vaqtda O‘zbekiston hammaga ochiq iqtisodiyot siyosatini olib bormoqda. Bank-moliya sohasi eng avvalo ochiqlikni taqazo etadi. Bu esa hamkorliksiz amalga oshmaydi.

Shu nuqtai nazardan bugungi forum qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada yaxshilash, o‘zaro pul o‘tkazish borasida ayrim buyurokratik to‘siqlarni olib tashlash, erkin pul mablag‘larini harakatiga sharoit yaratishda platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Agarda e’tibor qiladigan bo‘lsak, bank-moliya tizimida bizning ham yetarlicha yutuqlarimiz bor. Shuning uchun bizning bank-moliya tizimimiz ortda qolib ketgan, xorij ancha oldida deb bo‘lmaydi. Vaholanki, biz o‘zaro hamkorlikda rivojlanmoqdamiz. Bunda tizimdagi ba’zi yangiliklarni biz kimdandir olsak, boshqalar bizdan ham nimanidir oladi. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Ayni vaqtda bir qator davlat vakillari bizning moliya-bank tizimdagi o‘zgarishlarni kelib o‘rganishmoqda.

Bu tizimning har bir yo‘nalishida rivojlangan davlatlar bor. Misol uchun, Belorussiya davlati bank tizimida to‘lovlarni avtomatlashtirish bo‘yicha MDH orasida eng ilg‘or bo‘lsa, bank nazoratini amalga oshirishda Rossiya peshqadam. Shuning uchun ham bu sohada kimnidir kamsitib, boshqani ilg‘or deb bo‘lmaydi.