19 mart kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga Osiyo karate federatsiyasining bosh menejeri Vinsent Chen boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, vazirlikning tegishli boshqarmalari boshliqlari O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi raisi Alamjon Mullayev hamda federatsiya bosh kotibi Kamoliddin Xodjiniyazov ishtirok etishdi.

Tadbirda asosiy mavzu sifatida karate WKF bo‘yicha O‘zbekistonda o‘tadigan Osiyo chempionati tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar karateni O‘zbekistonda ommalashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, sportchilarni nufuzli musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida fikr almashdi.

Oybek Qosimov delegatsiya a’zolariga so‘nggi yillarda yurtimizda karateni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berib, Toshkentda Osiyo chempionatini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.

O‘z navbatida janob Vinsent Chen ham chempionat oldidan mavjud sharoitlar bilan tanishish va ushbu masala yuzasidan muzokaralar olib borish maqsadida yurtimizga kelganini ta’kidlab o‘tdi.

Yakunda tomonlar joriy yilning iyul oyida poytaxtimizda Tokio Olimpiadasining litsenziyalari o‘ynaladigan Osiyo chempionatini o‘tkazishga kelishib olishdi.