Tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalari chorvachilik fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga ajratiladi. Bu prezidentning 18 martdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Yer uchastkalari ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan taqdim etiladi.

Chorvachilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini 2 yil muddatda haqiqiy daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Mazkur fuqarolar ushbu bandda ko‘rsatilgan tartibda ajratilgan yer uchastkalarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish hamda naslli chorva moli sotib olish uchun «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida imtiyozli kreditlar olishi mumkin.

Yer uchastkalari va kreditlar Shavkat Mirziyoyevning 7 martdagi qarori asosida tashkil etilgan «Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari"ning tavsiyasiga asosan taqdim etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi «OʻZNASLCHILIK» davlat korxonasi tomonidan eksperiment tariqasida 2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi barcha toifa xo‘jaliklarda naslchilik, shu jumladan, sun’iy urug‘lantirish va servis xizmatlari ko‘rsatish tashkil etiladi.

Hujjat bilan asalarichilik sub’ektlari asalari oilalarini «vaqtincha olib chiqish» bojxona rejimida qo‘shni mamlakatlarga ko‘chirib chiqarishi natijasida yig‘ib olgan tabiiy asalni (TIF TN kodi 0409 00 000 0) respublika hududiga olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etildi.