Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan Qirol Abdulaziz nomidagi «Tuyalar festivali» (King Abdulaziz Camel Festival) dasturiga birinchi marta «Ko‘chmanchilar olami» (Nomad Universe) xalqaro etnofestivali kiritildi va uning doirasida o‘zbek kurashi bo‘yicha xalqaro turnir tashkil etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Turnirda 20 dan ortiq davlatdan polvonlar mutlaq vaznda g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun gilamga tushdi. O‘zbekiston sharafini jahon va Osiyo chempioni, Indoneziyada o‘tgan Osiyo o‘yinlari g‘olibi Muhsin Hisomiddinov himoya qildi.

«Tuyalar festivali» bir oy davom etadi. Bu yerga har kuni 25−30 ming tomoshabin kelmoqda. «Ko‘chmanchilar olami» xalqaro festivali esa 9−19 mart kunlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Kurash bo‘yicha turnir festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otgan musobaqalardan biri bo‘ldi.

— Kurash bo‘yicha musobaqa festivalimizga o‘zgacha ruh bag‘ishladi, — deydi Jahon etnoo‘yinlar konfederatsiyasi prezidenti Asxat Akibayev. — Unda 20 dan ortiq davlat vakillari qatnashgani ushbu sport turining obro‘si xalqaro ko‘lamda salmoqli ekanidan dalolat bermoqda.

— 2018 yil Indoneziyada tashkil etilgan Osiyo o‘yinlari doirasida kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tgach, dunyoda, xususan, Osiyo mamlakatlarida ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqish yanada oshdi, — deydi Osiyo va Okeaniya kurash konfederatsiyasi vitse-prezidenti Mirzaquli Qurbonov (Turkmaniston). — Endi tashkil etilayotgan har bir musobaqani dunyo polvonlari malaka va mahorat oshirish uchun qulay imkoniyat, deb bilmoqda.

Asosiy bellashuv — finalda Muhsin Hisomiddinov va turkmanistonlik Gilich Jumayev g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Unda bugun jahon reytingida peshqadamlik qilayotgan o‘zbekistonlik polvonning qo‘li baland keldi.