O‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati yakuniga yetdi. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi turnir yakunlarini sarhisob qilib, qizlar o‘rtasida bahslarda o‘zbekistonliklar eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lganini e’lon qildi. Bu haqda «Sport» gazetasi bosh muharriri Mirzahakim To‘xtamirzayev AQSHdan Las-Vegasdan xabar berdi.

O‘zbekiston terma jamoasidan to‘rt atlet supachaga ko‘tarildi. Nigora Abdullayeva hamda Kumushxon Fayzullayeva uchtadan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Tursunoy Jabborova bitta oltin va ikkita kumush medal bilan mukofotlandi.

Jami 7 ta oltin va 2 ta kumush medalga sazovor bo‘lgan o‘zbek qizlari umumjamoa hisobida eng yuksak samaradorlikka erishgani tahsinga loyiq. Kuchli uchlikdan Turkiya (7 oltin va 4 bronza) hamda Meksika (3 oltin, 5 kumush va 3 bronza) joy oldi.

Las-Vegasdagi chempionatda qizlar turniridagi mukofotlar 17 mamlakat vakillariga nasib etdi. 9 mamlakat qizlari oltin medal egasiga aylandi.