Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qurilayotgan «Uzbekistan GTL» zavodida «YeVRO-5» standartlari asosidagi 1,5 million tonnadan ortiq yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Bu haqda «Mahalla» gazetasi saytida xabar berildi.

Tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) olish juda noyob jarayon bo‘lib, yuqori texnologiyalar va murakkab ilmiy yechimlarni talab etadi. «Gazdan suyuqlik» texnologiyasiga asoslangan ushbu yuqori samarali ishlab chiqarish sanoati dunyoda sanoqli davlatlarda — Janubiy Afrika Respublikasi, Malayziya hamda Qatarda mavjud.

Mazkur ulkan loyihaning umumiy qiymati 3,6 milliard AQSH dollari bo‘lib, uning amalga oshirilishi natijasida yiliga 3,6 milliard kub metr gaz chuqur qayta ishlanadi. Natijada «YeVRO-5» standartlariga javob beradigan 311 ming tonna aviakerosin, 743 ming tonna dizel yonilg‘isi, 431 ming tonna nafta hamda 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Zavodning asosiy ahamiyati mana shunda. Ya’ni, tabiiy gaz shunchaki xomashyo sifatida emas, qo‘shimcha qiymatli mahsulot sifatida sotiladi. Yana bir muhim jihati — zavod mahsulotlari hozirda chetdan import qilinayotgan xomashyolar o‘rnini qoplaydi. Buning evaziga yiliga neft sotib olishga ketadigan 1 milliard AQSH dollardan ortiq mablag‘ iqtisod qilinadi.

Ayni paytda 135 gektarli maydonni egallagan zavodni qurish va foydalanishga topshirish bilan bog‘liq jarayonlarning 70 foizdan ortig‘i amalga oshirildi. Qurilish maydonida 5 mingdan ziyod ishchi va mutaxassis, 500 ga yaqin qurilish texnikalari jalb qilingan.