O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

2018 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshib, qariyb 6 milliard dollarga yetdi. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida, jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va ko‘plab boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin hamda hukumat raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Maksim Oreshkin O‘zbekistonda mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarni va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi.

Rossiya o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, turli sohalarda istiqbolli qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bundan buyon ham zarur choralar ko‘rishga tayyor ekani ta’kidlandi.