Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova «Aeroflot» aviakompaniyasining Moskva-Toshkent reysi yo‘lovchisiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi, deya xabar qildi TASS.

Parvoz vaqtida ayol kishi — O‘zbekiston fuqarosi — o‘zini yomon his qildi, to‘satdan qorni og‘rib qoldi. Samolyotda baland ovoz bilan shifokor yordami kerakligi e’lon qilingach, Veronika Skvorsova yordamga keldi.

«Vazir holatni hayotga tahdid solmaydi deb baholadi va doimo yonida olib yuradigan o‘z dori qutichasidan dori vositasini olib keldi. Dorini ichganidan keyin yo‘lovchining ahvoli yaxshilandi», — deyiladi xabarda.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi 6 mart kuni ertalab ikki kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Rossiya delegatsiyasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida muzokaralar o‘tkazib, mamlakatdagi bir qancha tibbiyot muassasalarida bo‘ladi.

Uchrashuvlar vaqtida tomonlarning Rossiya tibbiyot OTMlaridan birining filialini ochish va Toshkentda ko‘p profilli tibbiyot markazini qurish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda, deya xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.