O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovka qilish tizimi joriy etilishi mumkin. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan prezidentning tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

2019−2022 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tovarlarning ixtiyoriy ekologik markirovka qilish standartlarini ishlab chiqish jadvalini tasdiqlash rejalashtirilmoqda.

Bunday tizim fuqarolarni tovarlar, xizmatlar, texnologik jarayonlarning xususiyatlaridan xabardorligini ta’minlash, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tovarlar va xizmatlarning, ularning ekologik xavfsizligini kafolatlash hisobiga eksport hajmini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish hamda bosqichma-bosqich ushbu sohadagi ISO 14000 (Xalqaro standartlashtirish tashkiloti) xalqaro standartiga o‘tish maqsadida joriy etilmoqda.

Hujjat loyihasida qayd etilishicha, ishlab chiqarishda atrof-muhitga, aholi salomatligiga va biologik resurslarga eng kam zararli ta’sir ko‘rsatadigan mahsulotlar ixtiyoriy ekologik markirovka qilish uchun ob’ekt bo‘lib hisoblanadi.

Mahsulotni ixtiyoriy ekologik markirovkalash sertifikatini olganlaridan so‘ng ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini «ekologik xavfsiz tovar» belgisii bilan markirovka qilishi mumkin.

Manba: Ekologiya qo‘mitasi

Tovarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash sertifikati bo‘lmagan hollarda nomlashda, qadoqlashda, tovarni yo‘llanma hujjatlarida va tovar reklamasida «organik», «eko», «bio» va shunga o‘xshash so‘zlar ishlatilishi taqiqlanadi.

Dori vositalari, veterinariya preparatlari, tibbiy asboblar, davlat me’yorlari va standartlariga muvofiq zaharli, mutagen, kanserogen, atrof-muhit uchun xavfli deb tasniflangan moddalar, preparatlar va aralashmalar mavjud bo‘lgan mahsulotlar ixtiyoriy ekologik markirovkalashdan o‘tkazilmaydi.

Ixtiyoriy ekologik markirovka qilish sohasida ishlarni tashkil etishga vakolatli organ etib, O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi belgilanadi.

Loyiha yuzasidan taklif va mulohazalarni 19 martga qadar yuborish mumkin.