4 mart kuni Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida o‘tkazilgan «Eng yaxshi bolalar qahramoni/qahramonlar guruhi» ko‘rik-tanlovi yakunlandi, deya xabar qildi MTV matbuot xizmati.

Mazkur tanlov maktabgacha ta’lim materiallarini o‘rgatuvlar uchun eng yaxshi bolalar qahramonini yaratish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, unga 270 nafar ijodkordan 1000 dan ziyod ish kelib tushdi.

Asarlarning 17 tasi ko‘rik-tanlovning yakuniy — final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Finalchilarning 10 nafari onlayn ovoz berish yo‘li bilan saralangan bo‘lsa, qolgan 7 nafari tashkilotchilar tomonidan tanlab olindi.

Final bosqichida ishtirokchilarning ishlarini Maktabgacha ta’lim vazirligi mutasaddilari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mutaxassislari, taniqli san’atkorlar, dizaynerlar hamda blogerlar baholab borishdi.

Hakamlar hay’ati baholariga asosan, birinchi o‘rin 172 ball to‘plagan Tohir Islomovga nasib etdi. Uning «Buyuk bolakaylar» personaji eng yaxshi ish deb topildi va muallif tashkilotchilar tomonidan 10 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

«Barcha tarixiy shaxslar — hukmdorlar, olimlar, shoirlar, san’at namoyandalari bir paytlar bola bo‘lishgan. Shundan kelib chiqib, menda ularni bog‘cha yoshida aks ettirish g‘oyasi paydo bo‘ldi, — dedi tanlov g‘olibi Tohir Islomov. — 4−5 yoshda bolalar kelajakda kim bo‘lishlarini aniq bilishmaydi, biroq kelajaklarini belgilab beruvchi iqtidor va qiziqishlarini shu yoshdayoq namoyon etishadi. Shuning uchun bu tanlov bolalarni tarbiyalashda, yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi».

Ikkinchi o‘rinni esa Xurshid Tursunboyev egalladi. U yaratgan «Tursunboy va Qo‘chqorvoy» personaji hakamlar tomonidan 152 ballga loyiq ko‘rildi. Muallifga tashkilotchilar tomonidan 6 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

«Mening personajim — Tursunboy real hayotdan olingan. U shirinliklarni juda yaxshi ko‘radi, tishlarining to‘kilib tushgani ham shundan. Uning eng yaqin do‘sti — Qo‘chqorvoy. Lekin Qo‘chqorvoy do‘stining quchoqlashi, u bilan o‘ynashini ko‘pam yoqtirmaydi, unga o‘t va yem bo‘lsa bo‘ldi. Tanlovda ishim ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilganidan juda xursandman. O‘ylaymanki, ushbu personaj bolalar uchun juda qiziqarli bo‘ladi», — dedi Xurshid.

Uchinchi o‘rin Leyla Mo‘minovaga nasib etdi. Uning «Anora» personaji 145 ball to‘plab, 4 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

«Tanlov haqida menga onam aytdilar. O‘sha kundan boshlab xayolimda har xil obrazlarni o‘ylab yurdim, qog‘ozga chizgilar tushirdim, — deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Leyla. — Dastlabki chizmalarimni o‘zbek xalq ertaklaridagi personajlar tasviridan ta’sirlanib yaratdim. Lekin mening qahramonim zamonaviy, tashqi qiyofasi va ichki dunyosi bugungi bolalarga yaqin bo‘lishi kerak edi, shuning uchun ishga ijodiy yondashishga qaror qildim. Qahramonim liboslarini va ismini tanlashda anor mevasidan ilhomlandim».

Qahramonlar Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqariluvchi bolalar adabiyotlari va ta’limiy multimedia mahsulotlarida qo‘llaniladi, dedi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va vazirlikni strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Yelena Ten.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov milliy multfilm qahramonlarini yaratishni tavsiya qilgan edi. «Biz milliy qahramonlarimizni o‘ylab topishimiz, ular bo‘yicha multfilmlar yaratib, bolalarni qiziqtirishimiz kerak», — degan edi hukumat rahbari.