Toshkentda nogironligi bo‘lgan yo‘lovchi uchun pandus tushirishdan bosh tortgan avtobuslar haydovchilariga chora ko‘rildi, deya xabar qildi «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi.

20 fevral kuni poytaxtning Shimoliy vokzal bekatida nogironligi bo‘lgan shaxs 62- («12-avtobus saroyi"ga qarashli) va 13t- («1-avtobus saroyi») yo‘nalishlarida qatnovchi o‘rta sig‘imli «SAZ LE 60» rusumli avtobusga chiqmoqchi bo‘lgan. Haydovchilar esa pandus ochilmayotganini bahona qilib, yo‘lovchini olmagan.

Vaziyat «Toshshahartransxizmat» rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqildi. Haydovchilar 10 kunlik xo‘jalik ishlariga o‘tkazildi.

Kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida haydovchilardan kafolat xatlari olindi. Ularga pandusni ishlatish bo‘yicha amaliy seminarlar tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning o‘tgan yil martdagi farmoni bilan O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallanmagan shahar yo‘lovchi transport vositalarini sotib olish taqiqlangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda esa jamoat transportidan foydalanish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha talablarni bajarmaganlik uchun chora ko‘zda tutilgan.