Toshkent prokuraturasi Anhor kanali bo‘yidagi buzilayotgan 78-uyda yashovchilarni ko‘chirishga mas’ul poytaxt hokimiyatining Davlat aktivlarini boshqalari markazi vakili Otabek M.ga nisbatan intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atdi, deya xabar qildi shahar prokuraturasi «Gazeta.uz"ga.

Tashkilotning buzilayotgan hududlardan ko‘chirish va inventarizatsiya bo‘yicha ishlarni tashkil etish bo‘limining yetakchi inspektori o‘z majburiyatlarini yetarlicha bajarmagani, odamlarni ko‘chirish masalasiga beparvolik bilan qaragani va jarayon ustidan nazoratni yetarlicha olib bormagani fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarining buzilishiga olib keldi, deyiladi nazorat organi xabarida.

78-uyda odamlar yashab turgan bo‘lsa ham buzish ishlari olib borilgani to‘g‘risida «Gazeta.uz» 24 fevral kuni (avvalroq — 20 fevralda) yozgan edi. Maqoladagi holatlarni tekshirgan prokuratura 2-(Erkin N.), 4- (Xosiyat X.) va 7-(Lyubov Sh.) kvartiralarda odamlar yashayotganiga qaramasdan uch qavatli uyda buzish ishlari olib borilganini aniqladi.

Ayni vaqtda uyda istiqomat qilayotganlarning barchasi ko‘chirilgan, 2 ta kvartirada faqat mol-mulklar qolgan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 18 kvartirali uy joylashgan hudud shahar hokimiyatining 2017 yil 8 sentyabrdagi qarori bilan «Navro'z Bog’i» kompaniyasiga 17 ga maydonda «Navro‘z» parkini qurish uchun doimiy foydalanishga berilgan.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 oktyabrdagi yig‘ilishi bayonnomasiga ko‘ra, 20 noyabrga qadar uydagi barcha fuqarolar ko‘chirilishi, uy esa o‘tgan yilning 10 dekabriga qadar buzilishi lozim edi.

Toshkent hokimiyai bu yerda yashovchilar ko‘chishi uchun Mirzo Ulug‘bek tumani Qori Niyoziy ko‘chasidagi yangi uydan 10 ta, Shayxontohur tumani Qozirobod ko‘chasidagi yangi uydan 8 ta kvartira ajratgan.