O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mamlakat bozorlarida sotilayotgan sun’iy tuxumlar borasida ogohlantirdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali mamlakat bozorlarida, xususan, «O‘rikzor» savdo majmuasida sun’iy tuxumlar sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 22 fevral kuni «O‘rikzor» savdo majmuasidagi do‘konlarda monitoring, ya’ni parranda tuxumi bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar bilan birma-bir suhbat o‘tkazilib, savdo yurituvchilarga sanitariya, xususan, tibbiy daftarchalarga ega bo‘lish hamda mahsulotlarga beriladigan veterinariya ma’lumotlarini taqdim etish talablari qo‘yildi.

Federatsiyaning O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda «Sevimli» telekanali bilan hamkorlikdagi reydida savdoda bo‘lgan tuxumlardan namunalar olinib, har bir sotuvchining o‘zi guvohligida qisqa muddatli ko‘rgazmali tekshiruv o‘tkazildi.

Xulosalarga ko‘ra, tekshiruv davomida tuxum namunalari iste’molga yaroqli ekani aniqlandi.

Savdo majmuasi ma’muriyati VSEL, DSNEM, Toshkent shahar hokimligi, «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» DUK tomonidan o‘zaro axborot almashishga kelishib, nazorat kuchaytirildi.