20 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining 6 nafar mutaxassisi Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida joylashgan Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining (ICBA) bosh ofisiga ilmiy amaliyot o‘tash uchun safarga jo‘nab ketdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Xabarda qayd etilishicha, 19 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Xalqaro innovatsiya markazining xorijga safarbar qilingan qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi, irrigatsiya, o‘simliklar fiziologiyasi yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi.

Yosh mutaxassislarning stajirovkasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib,vazirlik qoshidagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassislarning yo‘l xarajatlari, xorijda yashash va kundalik ehtiyojlari uchun sarf-xarajatlarining barchasini qoplaydi. ICBA Xalqaro markazi esa ilmiy-texnikaviy hamkor sifatida Xalqaro innovatsiya markazi xodimlariga viza berilishi, ularning Dubay shahrida joylashishi va ilmiy stajirovkani tashkil qilish tadbirlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining Tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘limi mudiri Aydos Nurumbetov, Korporativ va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Xamra Tajibayev, Melioratsiya va suv xo‘jaligi bo‘limi mudiri Aybek Abdirov, O‘simliklar biotexnologiyasi va fiziologiyasi laboratoriyasi mudiri Alim Asamatdinov, O‘rmon xo‘jaligi va dala tadqiqotlari bo‘limi mutaxassisi Jolmirza Jaksimuratov, Ekinlar diversifikatsiyasi laboratoriyasi laboranti Kamalatdin Idirisov o‘z sohalari bo‘yicha zarur bilimlarga ega bo‘lib, BAA da qo‘llanayotgan innovatsion texnologiyalarni o‘rganadi va olgan tajribalarini Orolbo‘yi hududlarini tiklashga qaratilgan kompleks ishlarni amalga oshirishda qo‘llaydi, deyiladi xabarda.

Mutaxassislar bir yarim oylik safar davomida BAAning Abu-Dabi shahridagi Masdar Siti ekoshahri bilan tanishadi, agrobiznes uchun muvaffaqiyatli inkubatorlarni tashkil qilish, suv va tuproq unumdorligini oshirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish va boshqa yo‘nalishlarda o‘quv-amaliyot kurslarini o‘taydi.