Toshkentda ilk bor yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha hududiy dastur tasdiqlandi. Shahar hokimi 1 fevraldan tasdiqlagan hujjat 2019−2020 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Unga ko‘ra, yil oxiriga qadar barcha ijtimoiy ob’ektlar yaqinidagi yo‘l belgilari hamda mavjud svetoforlar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi.

Yil davomida ijtimoiy ob’ektlar (maktab, MTM, litsey va kollejlar, OTMlar, shifoxona, bozorlar, biznes markazlar, supermarketlar, istirohat bog‘lari, teatrlar, stadionlar, konsert zallari, masjidlar, cherkovlar, to‘y marosimlari o‘tkaziladigan maskanlar va boshqa joylar) yaqinidagi boshqarilmaydigan yer usti piyodalar o‘tish yo‘laklari qarshisida eng yuqori tezlikni 50 km/soat etib belgilovchi belgilar o‘rnatiladi. Biroq barcha ob’ektlar yaqinida emas, balki har bir yo‘nalishda transport harakati polosalari uch va undan ortiq bo‘lgan joylarda.

Kelgusi yil davomida bunday belgilar piyodalar oqimlari jadalligi yuqori bo‘lgan taqdirda, yuqorida ko‘rsatilgan ob’ektlarga eltuvchi ko‘chalarda boshqarilmaydigan o‘tish yo‘llari qarshisiga ham o‘rnatiladi.

Qayd etish joizki, avgustda e’lon qilingan dastlabki rejada ijtimoiy ob’ektlar yaqinidagi yo‘llarda ruxsat berilgan eng yuqori tezlikni transport polosalari uch va undan ortiq bo‘lsa — 50 km/soat, 1 yoki 2 polosali bo‘lsa 30 km/soatgacha qisqartirish ko‘zda tutilgan edi. Hozirda ruxsat berilgan tezlik 70 km/soatni tashkil etadi. Bundan tashqari, polosalari 2 va undan ortiq bo‘lgan ko‘chalarda piyodalar o‘tish yo‘laklarida har ikki tomondan svetofor o‘rnatish majburiyligi belgilangan.

Haydovchilarning tezlik rejimiga rioya etishlari ustidan nazorat o‘rnatish uchun ijtimoiy ob’ektlar yaqinidagi ko‘chalar hamda tez-tez YTH sodir bo‘ladigan joylarga statsionar va mobil tezlik o‘lchash vositalari o‘rnatiladi. Bu jarayonda davlat-xususiy sherikchilik asosida investorlar mablag‘larini jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Tirbandliklarning oldini olish maqsadida yo‘ldagi vaziyatni muntazam kuzatib borishda dronlardan foydalaniladi va svetoforlar ish rejimlari optimallashtiriladi.

Ko‘cha va yo‘llar yoqasiga pulli avtoto‘xtash joylarini tashkil etish belgilangan. Belgilanmagan joylarga avtomobil qo‘ygan haydovchilar uchun majburiy evakuatsiya choralari ko‘zda tutilmoqda.

Dasturga qo‘shimcha ravishda ilk bor yangi svetoforlarni o‘rnatish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish hamda gorizontal belgilar chizish bo‘yicha yillik dastur tasdiqlandi.

Yil oxirigacha 150 ta chorrahada sekundomerli svetoforlar o‘rnatiladi. O‘tgan yil kuzida 10 mingdan ziyod ovoz to‘plagan shu haqdagi onlayn murojaatnoma Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilgan edi.