11 fevral kuni Toshkentvaqti bilan 6:45 da Rossiyadagi Tyumen — Xanti-Mansiysk trassasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etdi, bir kishi jarohatlandi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi Yekaterinburgdagi bosh konsullik ma’lumotiga tayangan holda.

Halok bo‘lganlar — Toshkentboyev Shug‘ratbek G‘ulomovich (21.02.1984) va Sayaxmedov Baxtiyor Tojiboyevich (22.11.1983).

Jabrlangan yo‘lovchi Mirzaahmedov Qurvonjon Mirzaliyevich (28.11.1976) Tyumen 2-sonli shahar shifoxonasiga yotqizildi.

Ishlash uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirish uchun Tobolskdan Tyumenga 20 yo‘lovchini (barchasi — O‘zbekiston fuqarolari) olib ketayotgan Mercedes mikroavtobusi yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Mazkur ma’lumotni bosh konsullikka qabul qiluvchi firma hisoblangan «Standart plyus» MCHJ Mehnat migrantlariga ko‘maklashish xalqaro assotsiatsiyasi taqdim etgan.

Mikroavtobusda bo‘lgan qolgan 17 yo‘lovchi jabrlanmagan va keyinroq hujjatlarni rasmiylashtirib, Tobolskka qaytgan.

Mehnat migrantlariga ko‘maklashish xalqaro assotsiatsiyasi YTH bilan bog‘liq barcha xarajatlar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari jasadlari repatriatsiyasi bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qilgan.

Bosh konsullik fuqarolarga yordam ko‘rsatish uchun tegishli tashkilotlar bilan doimiy aloqalarni o‘rnatdi, deyiladi xabarda.

Tumix hududiy nashri ma’lumotlariga ko‘ra, hodisada yana bir nechta mashina qatnashgan: Peugeot avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, Kia mashinasi, keyin Datsun, fura va Mercedes mikroavtobusi bilan to‘qnashgan. Tyumen YHXBB ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘lni kuchli tuman qoplagan, noqulay ob-havo hukmron bo‘lgan.