8 fevral kuni xokkey bo‘yicha O‘zbekiston I chempionatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. «Ice City» muz saroyida tashkil etilgan ochilish marosimida Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Ahmadjonov tadbirda so‘zga chiqar ekan, ushbu tarixiy kun bilan barchani muborakbod etib o‘tdi va musobaqani rasman ochib berdi.

Shundan so‘ng tadbir mehmonlari uchun ko‘rgazmali chiqishlar taqdim etildi. So‘ngra O‘zbekiston chempionati ishtirokchilari muzga chiqib kelishdi.

Tantanali ochilish marosimida Rossiyadan tashrif buyurgan faxriy mehmon, ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, afsonaviy Sergey Makarov ham o‘zining eng samimiy tilaklarini bildirib o‘tdi va musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi.

Ochilish marosimidan so‘ng uchrashuvlarga start berildi. Ilk tarixiy o‘yinda «Toshkent» hamda «Binokor» jamoalari muzga chiqishdi. Qizg‘in kechgan bahsda «Toshkent» xokkeychilari 5:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ikkinchi o‘yinda esa «Humo» jamoasi «Semurg‘"ga 4:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Ikkinchi tur uchrashuvlari 10 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Unda «Binokor» «Semurg‘"ga qarshi muzga chiqsa, «Toshkent» «Humo"ni sinovdan o‘tkazadi.