Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) Intizom va odob-axloq qo‘mitasi O‘zbekiston terma jamoasini yarim himoyachisi Odil Ahmedovga nisbatan Osiyo Kubogining 1/8 finalida Avstraliya bilan uchrashuvdan so‘ng qisqa intervyuni o‘tkazib yuborgani uchun 10 ming dollarlik jarima tayinlandi. Bu haqda AFC rasmiy saytida xabar qilindi.

21 yanvar kuni BAAda bo‘lib o‘tgan uchrashuv asosiy qismi 0:0 hisobida yakunlanib, penaltilar seriyasida Avstraliyaliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozongan edi. Ushbu o‘yinda Odil Ahmedov 120 daqiqa maydonda sardorlik bog‘ichi bilan o‘ynagan.

Futbolchi musobaqa reglamentidan o‘rin olgan o‘yindan keyingi majburiy qisqa intervyuda ko‘rinish bermagan.

AFC qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston termasi sardori qaror qabul qilinganidan 30 kun ichida jarimani to‘lashish lozim. Hujjatda takroriy qoidabuzarlik uchun yanada jiddiy choralar qo‘llanilishi qayd etib o‘tilgan.