O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimov tavalludi kuni munosabati bilan xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida bunyod etilgan yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qur’on tilovat qilindi.

Davlat rahbari yodgorlik majmuasini saqlash, atrofini obodonlashtirish, ziyoratchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida ehson oshi berildi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

Shu kuni Samarqand viloyati jamoatchiligi Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Qarshi shahrida ham Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yildi. Poytaxt va viloyatlarda birinchi prezident tavallud kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazildi.