O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 30 yanvar kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi, deya xabar qildi O‘zA.

Prezidentning ushbu tashrifi davomida ham viloyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalarning amalga oshirilishi, avvalgi tashrifda berilgan topshiriqlar ijrosi, aholining talab-ehtiyojlari bilan bevosita tanishish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari o‘tgan yil mart oyida viloyatga tashrif buyurib, zarur taklif va tavsiyalar, topshiriqlarni bergan edi.

Viloyatda 2018 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 7 trl 138 mlrd so‘mni, o‘sish 2017 yilga nisbatan 105 foizni tashkil etdi. Yillik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 102,1 foizga, qurilish ishlari hajmi 104,4 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 102 foizga, chakana savdo aylanmasi 107,4 foizga, xizmatlar hajmi 113,3 foizga oshdi.

O‘tgan yili viloyatda 10 mln 113 ming dollarlik sanoat va 34 mln 504 ming dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari, jami 44 mln 617 ming dollar mahsulot eksport qilindi. Natijada eksport hajmi 2017 yilga nisbatan 9,5 mln dollarga yoki 127 foizga oshdi.

2018 yilda viloyatda 43 ta yangi qo‘shma va xorijiy korxonalar ro‘yxatdan o‘tkazilib, ular soni 120 taga yetdi.

O‘tgan yili viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 2 trln 737 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi natijasida 395 ta loyiha amalga oshirildi. Bu sohada o‘sish 232 foizni tashkil etdi.

Davlat rahbari o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida hududda yetishtirilgan paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha bergan topshiriqlari asosida viloyatda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadida umumiy qiymati 27,1 mln dollar, jumladan, 8 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy nivestitsiya bo‘lgan 19 ta loyiha amalga oshirilib, 1420 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Zarbdor tumanida «Zarbdor tekstil», Yangiobod tumanida «Balandchaqir tekstil», Paxtakor tumanida «Paxtakor Teks», Mirzacho‘l tumanida «Mirzacho‘l Teks», «Mirzacho‘l tikuvchilik», Jizzax shahrida «Jizzax tekstil» MCHJlar tomonidan ip- kalava, tayyor kiyimlar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirildi.

Ayni paytda viloyatda 312 ta to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yili viloyatda yetishtirilgan 180 ming tonna paxta xomashyosi hududdagi 5 ta paxta tozalash korxonasi tomonidan 100 foiz qayta ishlanib, 60 ming tonna tola olinishi rejalashtirilgan.

Olingan 60 ming tonna paxta tolasining 23,1 ming tonnasi — 38,5 foizi qayta ishlanishi natijasida 20,5 ming tonna ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqariladi.