Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan psixotrop moddani olib o‘tish bilan bog‘liq bojxona qonunbuzilishi holatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, fuqaro E.N. o‘z boshqaruvidagi «Opel Astra» avtomashinasi bilan O‘zbekistonga kirib kelganidan so‘ng, belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazildi.

Natijada, fuqaroning avtomashinasidan og‘zaki savol-javobda ma’lum qilinmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, O‘zbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlangan 5 quti — 250 dona «Siklodol trigeksifenidil» psixotrop dori vositalari mavjudligi aniqlandi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan fuqaro E.N.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.