Nodir Sobirovich Otajonov O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

U tayinlovga qadar 2017 yil avgustdan beri bosh vazir o‘rinbosari — Tashqi savdo faoliyati, eksport salohiyati, mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi rahbari sifatida ishlab kelayotgan edi.

Nodir Otajonov (1967 yilda tug‘ilgan) — Andijon qishloq xo‘jaligi instituti (1993), Namangan muhandislik-pedagogika instituti (1999) va Bank-moliya akademiyasi (2000) bitiruvchisi.

1993−2007 yillarda O‘zbekiston Moliya vazirligida faoliyat ko‘rsatgan. 2007−2010 yillarda «O‘zavtosanoatlizing» kompaniyasi direktori bo‘lgan. 2010−2017 yillarda «O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing» aksionerlik lizing kompaniyasi (hozirda «O‘zagrolizing») boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 2017−2018 yillarda «O‘zagrotexsanoatxolding» kompaniyasiga rahbarlik qildi.