O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Elyor Majidovich G‘aniyev bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Bosh vazir o‘rinbosari va Davlat investitsiyalar qo‘mitasi raisi lavozimida Suxrob Xolmurodov faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Uning yangi ish joyi to‘g‘risida ma’lum qilingani yo‘q.

Elyor G‘aniyev (1960 y. t.) Toshkent politexnika institutini tamomlagan (1981). Uzoq yil Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida (TIAISV) rahbar lavozimlarida ishladi. 1997−2002 yillarda tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, 1994−1997 yillarda — vazir o‘rinbosari, so‘ngra tashqi iqtisodiy aloqalar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2002−2005 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2006−2010 yillarda TIAISVga rahbarlik qilgan, ungacha — 2005−2006 yillarda tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. Bosh vazir o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan (2010−2012).

2012−2017 yillarda Elyor G‘aniyev yana O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga rahbarlik qildi. Bugungi kunga qadar dastlab Prezident devoni (hozirda — administratsiyasi) sektor mudiri, so‘ngra prezident maslahatchisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Avvalroq Davlat investitsiyalar qo‘mitasi va Tashqi savdo vazirligi birlashuvidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etilayotganini ma’lum qilgan edik. Unga «O‘zcharmsanoat» assotsiatsiyasining sobiq raisi Sardor Umurzoqov rahbar etib tayinlandi.

Shunday qilib, «ixcham» Vazirlar Mahkamasini shakllantirish jarayoni boshlandi. Uni tashkil etish zarurligi to‘g‘risida esa avvalroq prezident ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil martida Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzilgan, aprelda esa TIASV Tashqi savdo vazirligi etib qayta tashkil etilgan edi.