Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining bir necha xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayblanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

IIB xodimlari Jinoyat kodeksining 206 (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 234- (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) moddalari bo‘yicha ayblanmoqda.

Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan 19 dekabrda qo‘zg‘atilgan. Ish Bosh prokuraturaning o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan yuritilmoqda.

«Gazeta.uz"ning huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbalarining ma’lum qilishicha, jinoyat qidiruv bo‘limining to‘rt xodimi hamda 2017 yil sentyabrida lavozimga tayinlangan Andijon viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik To‘lanboy Razzoqov qo‘lga olingan.