Yakshanba, 6 yanvar kuni «Gazeta.uz» er-xotin sayyoh viza muddatlari 4 va 5 yanvarda tugagani uchun Toshkentdan uchib keta olmagani haqida xabar qilgan edi. O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamenti dushanba kuni elektron viza tizimi noto‘g‘ri ishlayotgani haqidagi ayblovni asossiz deb atab, har qanday davlatga tashrif buyuruvchi sayyohlar o‘z vizalari muddatlari tugashini mustaqil ravishda nazorat qilishlari lozimligini qayd etdi.

TIV xabarida ta’kidlanishicha, chet el fuqarolari elektron vizani noto‘g‘ri rasmiylashtirganliklari uchun Toshkentdan uchib keta olmagan. Ularning O‘zbekistonda bo‘lib turish muddatlari o‘zlari onlayn to‘ldirgan arizalardagi ma’lumotlar asosida rasmiylashtirilgan.

«E-visa» elektron vizasini rasmiylashtirish jarayoni 2018 yil iyulida joriy etilgan bo‘lib, viza anketalari elektron tizim tomonidan arizachilar mustaqil ravishda kiritgan ma’lumotlar asosida avtomat ravishda qayta ishlanadi, deyiladi xabarda.

Tizim shunday ishlab chiqilganki, unga uchinchi shaxs, jumladan konsullik xodimlari aralasha olmaydi. Ya’ni, arizachi nimani kiritgan bo‘lsa, tizim, jumladan shaxsiy ma’lumotlar va O‘zbekistonda bo‘lib turish muddatlarini qayta ishlaydi.

Onlayn ariza topshirilganidan uch kun o‘tib L.Bartoli ijobiy javob oladi va unga ko‘ra 2019 yil 4 yanvar kuni O‘zbekistonni tark etishi yoki viza muddatlarini uzaytirish uchun IIV Viza va ro‘yxatga olish bo‘limlariga murojaat qilishi lozim edi. Bir kundan so‘ng turmush o‘rtog‘i F. Erfyurtga ham (bir kun keyin ariza topshirgan) O‘zbekistonni tark etish muddati 2019 yil 5 yanvar etib belgilangan «anketa"ni oladi.

Butun dunyoda qabul qilingan me’yorlarga ko‘ra, har qanday mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlar o‘z vizalari muddatlari tugash sanalarini mustaqil nazorat qilishlari lozim. Dunyoning har qanday mamlakatida viza rejimining buzilishi ma’muriy, qisman jinoiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Ayblovning asossiz ekaniga e’tibor qaratgan Konsullik-huquqiy departamenti Italiyaning Toshkentdagi elchixonasi bilan ham maslahatlar o‘tkazib, yuqorida tilga olingan fuqarolar O‘zbekistonga sayyohlik maqsadida tashrif buyurgani, 30 mln dollar miqdorida investitsiya kiritish haqida gap yo‘qligini aniqladi, deyiladi xabarda.

8 yanvar kuni ma’muriy ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudi majlisi bo‘lib o‘tadi va sud qaroridan so‘ng chet el fuqarolari O‘zbekiston hududini tark eta oladi.