O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari ayni paytda Dubay shahrida Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Kecha OFK vakillari terma jamoa joylashgan mehmonxonaga tashrif buyurib, yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonlik FIFA va OFK instruktori Farhod Abdullayev Osiyo Kubogi musobaqasi davomida futbolchilar ahamiyat qaratishi kerak bo‘lgan qonun-qoidalarga to‘xtalib o‘tdi. Futbol o‘yini qoidalariga kiritilgan ba’zi o‘zgarishlar haqida murabbiy va futbolchilarni xabardor qildi.

Jumladan, Farhod Abdullayevning xabar berishicha, Osiyo kubogi guruh bosqichi uchrashuvlarida maydon ortidagi hakamlar xizmatidan foydalaniladi. Chorak finaldan boshlab esa ular o‘rniga VAR tizimi ishlaydi.

Bundan tashqari, Osiyo kubogidan o‘rin olgan uchrashuvlarda simulyatsiya ishlatib o‘yin vaqtini cho‘zgan va raqibini qo‘li bilan ushlab, tortib qolgan futbolchining xatti-harakatlari uchun terma jamoa 1000 AQSH dollari miqdorida jarima to‘laydi. Havodagi to‘p uchun kurashda qo‘llarini ishga solib, hakamga bildirmasdan raqib yuziga zarba yo‘llashga uringan futbolchilarning harakatlari ham qat’iy tarzda jazolanishi bo‘yicha hakamlarga topshiriq berilgani ma’lum bo‘ldi.

Farhod Abdullayev qisqa videoroliklar yordamida murabbiy va futbolchilarga o‘yindagi vaziyatlarni namoyish qilib, hakam tomonidan jazolanmaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratish kerakligi haqida tushuncha berib o‘tdi.

Yig‘ilish yakuniga yetgandan keyin O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari ishtirokida foto va videosessiya uyushtirildi. Uchrashuvlardan avval maydondagi tablolarda tarkib tanishtirilayotganda namoyish etiladigan videolavhalar va gol kiritilgan vaziyatlarda qo‘yiladigan roliklar uchun suratga olish ishlari tashkil etildi.