Ayni paytda davom etayotgan prezidentning Oliy Majlisga murojaatnomasida bu borada birinchi qadam sifatida «O‘zbekenergo» va «O‘zbekiston havo yo‘llari» tizimini tubdan isloh qilish haqida qarorlar qabul qilingani xususida aytib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, parvozlarni amalga oshirish, aeroportlarni boshqarish va aeronavigatsiya xizmatlari bir-biridan ajratildi.

«Kelgusi yilda boshqa strategik tarmoqlarni ham bosqichma-bosqich isloh qilishni davom ettiramiz. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi va uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyotini butunlay qayta ko‘rib chiqish kerak», dedi prezident.

Shuningdek Shavkat Mirziyoyev eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotga o‘tish, ichki bozorda raqobat muhitini shakllantirishimiz zarurligi xususida aytib o‘tdi.

«Transport-logistika tizimini takomillashtirish ham eng dolzarb masaladir. Chunki, dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklangani uchun mahsulotni eksport qilishda ko‘plab qiyinchiliklar paydo bo‘lmoqda. Shu bois, „O‘zbekistan Eyrveys“ va „O‘zbekiston temir yo‘llari“ kompaniyalari tovarlarimizni eksport qilish bo‘yicha zamonaviy logistika yo‘nalishlarini yaratishlari zarur», dedi davlat rahbari.