2018 yil 24 dekabrda qabul qilingan «Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qaroriga muvofiq profilaktika inspektorlarining yordamchilariga tegishli tavsiyaga asosan ichki ishlar organlarining oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakultetiga kvota asosida o‘qishga kirish huquqi beriladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Shuningdek, har bir mahallada «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul guruhlari shakllantiriladi.

Hujjatga muvofiq, barcha darajadagi hududiy ichki ishlar organlarining rahbar xodimlari hamda profilaktika (katta) inspektorlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish faqat Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti filiallarida (auditoriyalarida) uzluksiz asosda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylarida xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Qaror bilan profilaktika (katta) inspektorlari uchun har yili Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida sirtqi ta’lim olishga qabul qilinadigan xodimlar (harbiy xizmatchilar) umumiy sonining o‘n besh foizi miqdorida qabul kvotasi ajratiladi.