Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni Davlat xavfsizlik xizmatining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturi.

Yig‘ilishga qadar davlat rahbari DXX faoliyati va uning moddiy-texnik imkoniyatlari bilan tanishdi. U DXX maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan suhbatlashib, DXX maxsus operatsiyalari jarayonida foydalanish uchun mo‘ljallangan zamonaviy texnika va qurol-yarog‘lar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Yig‘ilishda DXX tizimidagi islohotlar va istiqboldagi vazifalar, DXXning boshqa davlat organlari va mahkamalari bilan ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurashdagi aloqalarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Prezident sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan diniy-ekstremistik tashkilotlarning sobiq a’zolari va tarafdorlarini oddiy hayotga qaytarishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi. Ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish, ishga joylashtirish va jamiyat hayotiga jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Mamlakat rahbari korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish va ushbu illatdan ogohlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Prezident O‘zbekiston xalqining ijtimoiy xavfsizligi masalasiga ham alohida to‘xtalib, oziq-ovqat, energetik, tibbiy va boshqa sohalarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha choralarni belgilab berdi.