O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2014−2018 yillardagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari sarhisob qilindi. Bu haqda qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ushbu tadbirda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi.

«Qo‘mita faoliyatida yana bir yo‘nalish — yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollar bilan manzilli ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi va bu borada qisman bo‘lsa ham natijalarga erishildi.

Xususan, respublika bo‘yicha 47 ming nafarga yaqin og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, shundan 14 ming 600 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ular bilan manzilli ishlar olib borildi. Ularning 14 ming nafariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 13 ming 500 nafarining bandligi ta’minlandi, 22 ming nafariga 21 mlrd. so‘m miqdoridagi moddiy yordamlar berildi.

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 1 ming 464 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga arzon uy-joylar uchun 54,6 mlrd. so‘m boshlang‘ich badal pullari to‘lab berildi", — dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

Shuningdek Tanzila Norboyeva zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilatatsiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tdi. «Prezidentning qaroriga asosan og‘ir ijtimoiy vaziyatga hamda ruhiy tushkunlikka tushib qolgan xotin-qizlarga yordam berish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida hududlarda 130 ta zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilatatsiya qilish va moslashtirish markazlari tashkil etildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasining respublika bo‘yicha yagona qisqa raqamli (1046) «Ishonch telefoni» tashkil etilib, har kuni 24 soat davomida xotin-qizlarning murojaatlarini qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Biroq, joylarda Xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar talabga to‘liq javob bermaydi.

Masalan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlarida og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga e’tibor qaratilmayapti. Natijada, ushbu hududlardan respublikaga murojaatlar ko‘payib ketmoqda. Buni, Xotin-qizlar qo‘mitasiga tushayotgan murojaatlardan ham ko‘rishimiz mumkin.

Misol uchun, murojaatlar 2018 yilda 2014−2017 yillarga nisbatan 80 foizga ko‘paygan (joriy yilning o‘zida 54 ming 400 ta), ularning asosiy qismini moddiy yordam, tibbiy yordam, uy-joy masalalari tashkil etadi. Shu sababli, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar muammolarini hal etishda quyidagilarga e’tibor qaratishimiz zarur.

Birinchidan, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi uchun ajratilayotgan mablag‘lardan nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga moddiy yordam berish, ularni reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishimiz kerak.

Ma’lumot uchun: 2019 yilda jami 20 ming 300 nafar og‘ir turmush sharoitidagi ayollarga manzilli yordam berilishi rejalashtirilgan. Xususan:

— 4 ming nafarini nogironlik aravachasi bilan;

— 3 ming 800 nafarini eshitish moslamasi bilan;

— 4 ming 200 nafarini harakatlanish reabilitatsiya moslamalari bilan ta’minlash;

— 8 ming nafariga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida bir martalik pul ko‘rinishidagi moddiy yordam ajratish;

— 300 nafariga respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalarida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlarining xarajatlarini qoplab berishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Ikkinchidan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz zarur.

Bunda, mahalliy hokimliklarning ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda, ushbu toifadagi xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rishimiz lozim.

Shu bilan birga, Fond mablag‘laridan har yili 1 ming 500 nafarga yaqin ayollarga uy-joy summasining boshlang‘ich badallarini shakllantirishga amaliy yordam beramiz.

Uchinchidan, prezidentning qaroriga asosan tashkil etilayotgan Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilatatsiya qilish va moslashtirish markazlarining faoliyatini barcha tuman, shaharlarida yo‘lga qo‘yishimiz hamda ushbu markazlar orqali ayollarga sifatli tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlashimiz lozim", — dedi u.