O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2014−2018 yillardagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari sarhisob qilindi. Bu haqda qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ushbu tadbirda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi.

«O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta’minlash ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri, xalq turmush darajasi va sifatini yuksaltirishning muhim sharti sifatida belgilangan. Joriy yilning o‘zida bandlik dasturlari asosida yaratilgan ish o‘rinlariga xotin-qizlar qo‘mitalari va aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan uyma-uy yurish orqali aniqlangan 245 ming nafar ishsiz xotin-qizlar ishga joylashtirildi.

2018 yildan boshlab prezidentning farmoni bilan og‘ir turmush sharoitida yashayotgan hamda nogironligi bo‘lgan ayollar, ayniqsa yosh xotin-qizlar bandligini ta’minlash qo‘mitaning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Bu borada mahallalar kesimida manzilli ro‘yxatlar shakllantirilib, alohida dastur asosida 10 ming nafarga yaqin og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollar bandligi ta’minlandi va bunga 38 mlrd. 261 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

Xotin-qizlar qo‘mitalari tashabbusi bilan bo‘sh binolarni qayta ta’mirlash va ishga tushirish hisobiga 2 ming 300 tadan ortiq kichik sexlar tashkil etilib, 16 ming nafarga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi", — dedi Tanzila Norboyeva.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi shuningdek ayollar uchun bankdan ajratilayotgan kredit masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. «Tegishli qarorlar bilan tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga kreditlar ajratish tizimi tubdan o‘zgartirildi. Ya’ni, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kreditlar ajratish ohirgi ikki yilda 2 barobarga oshirildi. Ayniqsa, yillik 7 foizlik imtiyozli kreditlar berish tizimi joriy etildi. Masalan, 2014−2016 yillarda tijorat banklari tomonidan xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyati uchun jami 3,8 trln. so‘m kredit ajratilgan bo‘lsa, 2017−2018 yillarda 6,1 trln. so‘m kredit ajratilgan.

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining tashkil etilganligi Qo‘mitalarning ayollar bandligini ta’minlashda bevosita ishtirok etish imkoniyatini yaratib berdi. Xotin-qizlar qo‘mitalarining tavsiyanomalari asosida Fond mablag‘lari hisobidan yillik 7 foizlik imtiyozli kreditlar ajratish tizimi joriy etilib, joriy yilning o‘zida 100 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu esa ayollarning oiladan, farzand tarbiyasidan ajralmagan holda hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqachilik bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratmoqda", — dedi u.

Tanzila Norboyeva shuningdek xotin qizlarni ish bilan ta’minlash masalasida muammolar borligini bildirdi. «Xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan mehnat bozorida xotin-qizlar ishsizligi hali yuqoriligicha qolmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasida ayollar bandligini ta’minlashda, bu borada jamoatchilik nazoratini olib borishda faollik va talabchanlik yetishmayapti.

Masalan, 2018 yilda bandlik markazlariga 107 ming nafardan ortiq ishsiz xotin-qizlar murojaat qilgan bo‘lsa, uyma-uy yurish orqali 170 ming nafarga yaqin ishlash istagi bo‘lgan xotin-qizlar aniqlandi. Ammo, ularning bandligini ta’minlash va bunda hududlarda sektor rahbarlari bilan yaqin hamkorlikda ishlash masalasiga Qo‘mitalar tomonidan yetarli e’tibor qaratilmagan.

Ishsiz ayollar bilan yakka tartibda ishlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, yaratilgan imtiyozlardan foydalanish bo‘yicha maslahat-axborot berish ishlari qoniqarsiz tashkil etilganligi natijasida qariyb 240 ming nafardan ziyod ayollar ishlash uchun xorijiy davlatlarga chiqib ketgan. Farg‘ona va Namangan viloyatlarida xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Bu borada hududiy Xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘zning samarasini bermayapti. «Ustoz shogird» tizimi asosida xotin-qizlarni hunarmandchilikka jalb etish, kasanachilik asosida ishga joylashtirish borasidagi ishlar ham talab darajasida emas. Masalan, kasanachilik asosida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlayapmiz, lekin, ular oilasiga daromat olib kelayaptimi? o‘z vaqtida ish haqlari to‘lanayaptimi? degan savolga hechkimda javob yo‘q.

Ish beruvchi tashkilotlar tomonidan kasanachi ayollarga yetarli buyurtmalar berilmayapti, natijada esa ish haqlari kam hisoblanmoqda. Ko‘rinib turibdiki, ayollar nomiga kasanachilik asosida ish bilan ta’minlanmoqda. Agar biz bandlik masalasida yuqoridagi muammolarni hal qilmasak, xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan salbiy holatlarni oldini olish borasidagi ishlar o‘zining samarasini bermaydi", — dedi Tanzila Norboyeva.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ayollarni bandligini ta’minlar borasida belgilab olingan vazifalar bilan ham tanishtirib o‘tdi. «Shunday ekan, bu borasida ham amalga oshiradigan vazifalarimizni aniq belgilab olishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Birinchidan, Xotin-qizlar qo‘mitasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda yaratilgan yangi ish o‘rinlari to‘g‘risida xotin-qizlarning habardorligini oshirish choralarini ko‘rish zarur.

Joriy yilning o‘zida respublika bo‘yicha 300 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratilgan, lekin bundan aholining habardorligi yo‘q.

Uyma-uy yurish jarayonida ko‘rayapmiz ishsiz xotin-qizlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarda tafovut katta (Bandlikda — 107 ming, uyma-uy yurishda — 170 ming).

Ikkinchidan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda har yili xotin-qizlarni, xususan og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha manzilli dasturlarni ishlab chiqib, amalga oshirishimiz lozim.

Uchinchidan, Xotin-qizlar qo‘mitasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan ish o‘rinlarining haqqoniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimiz, shuningdek, munosib mehnat sharoitlarining yaratilganligini, ish haqlarini vaqtida berilayotganligini, qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanayotganligini o‘rganishimiz zarur.

Buning natijasida ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish borasida Hukumatga tegishli takliflarni kiritishimiz kerak.

Mehnat bozorida gender tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik va gender tenglikni ta’minlash biz Xotin-qizlar qo‘mitasining asosiy vazifasi bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, Xotin-qizlar qo‘mitasi Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi, «Tadbirkor ayollar» uyushmasi bilan hamkorlikda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur.

Bunda, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha o‘quvlar tashkil etish, biznes rejalarini ishlab chiqishga ko‘maklashish masalasiga e’tibor qaratishimiz lozim.

Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan joriy etilgan «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etishimiz, «Ustoz-shogird» tizimini yanada kuchaytirishimiz va imtiyozli kreditlar olishiga yordam berishimiz kerak.

Beshinchidan, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlarni asosan xotin-qizlar bandligini ta’minlash yo‘nalishiga sarflanishini va maqsadli ishlatilishini tashkil etishimiz kerak bo‘ladi", — dedi Tanzila Norboyeva.