Bosh qarorgohi Seulda joylashgan Osiyo jurnalistlar uyushmasi (AJA) Shavkat Mirziyoyevni 2018 yilda «Siyosat» yo‘nalishida «Osiyoda yil odami» deb e’lon qildi, deya yozmoqda The Korea Times.

O‘zbekiston prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida tinchlik va o‘zaro aloqalarni o‘rnatishdagi sa’y-harakatlari e’tirof etildi.

«2016 yil dekabrida prezidentlikka saylangan vaqtdan buyon u iqtisodiyotni ochish va inson huquqlarini yaxshilash uchun islohotlar o‘tkazdi, siyosiy mahbuslarni ozod qildi», — deya ma’lum qilinadi AJA xabarida.

«Iqtisodiyot» yo‘nalishida uyushma LG Group korporatsiyasining sobiq rahbari Ku Bon-Muni konglomeratni global kompaniyaga aylantirishga qo‘shgan hissasi uchun mukofotladi.

Futbol bo‘yicha Vetnam terma jamoasining koreyalik murabbiyi Pak Xan-Seo Vetnam jamoasi g‘alabalari uchun jamiyat va madaniyat sohasida yil odam deb e’lon qilindi. U o‘z rahbarligi ostida vetnam xalqi birligi hamda uning Koreyada tan olinishiga hissa qo‘shdi, deyiladi xabarda.

Xuddi shu toifada Afrikada o‘zining Magdi Yacoub Institution jamg‘armasi orqali bepul yurak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalarini o‘tkazib, ko‘plab bolalarning hayotini qutqarib qolgan misrlik torakal jarroh Magdi Xabib Yaqub ham mukofotga loyiq deb topildi.