Qarshi shahrida tug‘ilgan chaqaloqni sotish bilan bog‘liq holat yuz berdi. Bu haqda Qarshi shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimi Jamol Sharopovning «Qashqadaryo» gazetasida e’lon qilingan maqolasida so‘z yuritildi.

Qarshi shahri G‘afur G‘ulom mahallasida yashovchi A.X. anchadan beri befarzand edi. Qamashilik qiz Sh.Q. esa Qarshi shahrida yashab, yengiltakligi oqibatida homilador bo‘lib qolgan, uyga qaytishga qo‘rqib, tug‘ilajak bolasini kimga bo‘lsa ham sotib yuborishni reja qilib yurgandi.

Har ikkisining niyati A.X. qarindoshinikida mehmon bo‘lgan kunda kesishdi. Bu yerda u Sh.Q. haqida, u bolasini boqolmasligi sabab biror kishiga berib yuborish niyatida ekani xususida eshitdi. A.X. qarindoshiga agar bola tug‘ilsa, uni onasi berish-bermasligini so‘radi. Qarindosh ham ko‘p kuttirmay, 2 kundan keyin telefon qilib, juvon roziligini bildirdi.

Ishi «yurishganidan» mamnun A.X. juvon yashaydigan ijara uyiga borib, bola tug‘ilgunga qadar ketadigan, xususan, tug‘ruqxona, dori-darmon bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini aytib, bola dunyoga kelgach o‘zaro kelishib olishlariga shartlashib qaytdi.

Shu yilning 20 avgust kuni to‘lg‘oq boshlangani sababli Sh.Q.ni viloyat perinatal markaziga olib bordi, kelishilgan hamma xarajatlarni to‘lab berdi. 24 avgust kuni esa Qamashi tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limiga borib, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani oldi va bolani o‘z familiyasiga o‘tkazib qaytdi.

Chaqaloq va onaga tug‘ruqxonadan javob berishganidan keyin «bola"sini olib qaytishga borgan A.X. chaqaloq evaziga 2 million so‘m va bir dona gilam berishini ma’lum qildi. 26 avgust kuni bir qizil gilam va 350 ming so‘m keldi. O‘n kunlar o‘tib, 150 ming so‘m, yana bir muddatdan so‘ng 500 ming so‘m berildi. Qolgan bir million so‘m esa notarius orqali bolani rasmiylashtirib olishganidan so‘ng berilishi aytildi. Ona esa o‘ylamay-netmay bolasi evaziga olingan hamma pulni o‘z ehtiyoji yo‘lida ishlatib yuboraverdi.

Mazkur holat bo‘yicha Qarshi shahar IIB xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.