Oliy Majlis Senati yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ta’kidlanganidek, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, 2018 yil noyabr oyi oxiriga kelib, O‘zbekistonning diplomatik missiyalari tomonidan umumiy summasi 21 milliard dollarlik 372 ta loyiha ishlab chiqilmoqda.

Xorijiy muassasalar tomonidan O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan qariyb 250 taqdimot o‘tkazildi. Diplomatik missiyalar 50 dan ortiq turizm ko‘rgazmasi va yarmarkalarda ishtirok etdi.

Shu bilan bilan birga, vazirlik faoliyatini o‘rganish va tahlil qilish natijalari katta foydalanilmagan salohiyat hamda hal etilmagan qator muammo va kamchiliklar borligini ko‘rsatdi.

Jumladan, idoralararo hamkorlikni ta’minlash muammosi hanuzgacha hal etilmagan, ishlab chiqilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni yoki tashriflar yakunlari to‘g‘risida axborot olish imkonini beradigan O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari bilan o‘zaro aniq aloqa mexanizmi mavjud emas. Bu esa ikki tomonlama hamkorlikning chinakam holatini bilish, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha dolzarb tavsiyalar tayyorlashni cheklaydi.

O‘zbekiston tovarlari eksportini rivojlantirish, investitsiyalar va turistlarni jalb qilish masalalari bo‘yicha vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilishda Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar xorijiy muassasalarning takliflari sohaga ixtisoslashgan idoralar va viloyatlar hokimliklari tomonidan uzoq muddat ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq muammoga duch kelmoqda. Bu bir qator muhim ikki tomonlama tadbirlarning majburan bekor qilinishiga yoki ko‘chirilishiga sabab bo‘lmoqda.

Xorijiy muassasalar ko‘p sonli hisobotlar tayyorlash bilan haddan ortiq ko‘p shug‘ullanishi ishlar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday holat, ayniqsa xodimlar shtatining cheklanganligi hisobga olinsa, xorijiy muassasalarga diqqat-e’tiborni aniq natijaga qaratish imkonini bermayapti.

Bugungi kunda O‘zbekiston investitsiya salohiyatiga doir chet tillardagi sifatli tayyorlangan va mazmunan boy materiallar hali ham yetishmasligi kuzatilmoqda.

Senatorlar Tashqi ishlar vazirligi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar bildirdi.