O‘zbekiston xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Telia Company kompaniyasidan Ucell (OOO Coscom) mobil operatorining 100 foizli ulushini sotib olganiga izoh berdi. «Gazeta.uz» 3 dekabr kuni yuborgan savollarga javoblarni qo‘mita o‘z saytida e’lon qilishga qaror berdi.

— Nima uchun Davlat raqobat qo‘mitasi Ucell ulushini sotib oldi? Qo‘mita tomonidan tijorat ob’ektini sotib olish jarayonida qanday hujjatlar talab qilinadi?

— «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 4-moddasiga muvofiq, mulkdor o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishiga ko‘ra hamda o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdor o‘z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo‘lmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli.

Davlat raqobat qo‘mitasi davlat mulklarini boshqarish sohasida davlat boshqaruv organi hisoblanib, ungan yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun aksiyadorlik jamiyatlari, boshqa xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari aksiyalarini (ulushlari, paylari) sotib olish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 354-moddasida fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkin ekani belgilangan.

«Coscom» MCHJ XK muassislari ularga tegishli ulushni Davlat raqobat qo‘mitasiga sotishga qaror qilgani hisobga olib, «Coscom» MCHJ XK ustav kapitalidagi ulush oldi-berdisi to‘g‘risidagi shartnoma tomonlarning o‘zaro kelishuvi bo‘yicha tuzildi.

— Shartnoma summasi qanday aniqlanadi va unga nimalar kiradi?

— O‘zbekiston xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi «Coscom» MCHJ XKdagi 100 foizlik ulushni 215 mln AQSH dollariga sotib oldi.

Shartnoma summasi sotuvchilar tomonidan aniqlandi va taklif qilinib, qo‘mita tomonidan qabul qilindi, uning tarkibiga «Coscom» MCHJ XK aktivlari va passivlari kiradi.

— Ucell mobil operatorining kelgusi taqdiri qanday bo‘ladi? Kompaniya yaqin vaqtlarda xususiylashtiriladimi? Agarda xususiylashtirilsa, qanday shartlar asosida amalga oshiriladi?

— Qonunchilikka muvofiq, xususiylashtirish masalasi tashabbuskor tomonidan belgilangan tartibda ariza berilgan taqdirda ko‘rib chiqiladi. Biroq ayni vaqtda talabnomalar yo‘q.

Davlat ulushini sotish muddatlari va shartlarini sotuvchi belgilaydi. O‘zbekiston prezidenti, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan boshqa muddat va shartlar o‘rnatilishi mumkin.

Davlat raqobat qo‘mitasi «Gazeta.uz"ning besh savolidan uchtasiga javob qaytardi. Qo‘mita, jumladan, Ucell qarzlarsiz xarid qilingani nimani anglatishi va agar sotish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinsa, kompaniya ochiq ravishda sotiladimi, degan savollarni e’tiborsiz qoldirdi.