24 noyabr-2 dekabr kunlari Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘zbekistonlikshaxmatchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida tashkil etilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Maktabgacha ta’lim vaziri Agrepina Shin, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Husan Turdaliyev so‘zga chiqdi.

Shundan so‘ng shaxmat olimpiadasi qahramonlari — Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidovga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti sovg‘asi — «Spark» avtomobillari topshirildi.

Murabbiy Saydali Yo‘ldoshevga esa Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan 15 000 000 so‘m miqdoridagi mukofot puli taqdim etildi.

Marosimda so‘zga chiqqan Nodirbek Abdusattorov ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, terma jamoaning yana bir a’zosi, 12 yoshli Javohir Sindarov oktyabr oyida xalqaro grossmeyster unvoniga sazovor bo‘lgani uchun Shavkat Mirziyoyev tomonidan 3 xonali uy bilan taqdirlangandi.