Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan taqiqlangan yoki sifati kafolatlanmagan tovarlarni noqonuniy yo‘llar bilan olib kirishga bo‘lgan bir nechta urinishlar fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan «Yallama» chegara bojxona postiga «Neksiya» rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan Z.A. ismli fuqaro bojxonachilarda shubha uyg‘otdi.

Og‘zaki savol javobdan so‘ng, xolislar ishtirokida ushbu shaxsning qo‘l yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, respublikaga tegishli ruxsatnomalarsiz olib kirilishi taqiqlangan hamda belgilangan me’yorlardan ortiqcha bo‘lgan narxi 5,3 mln. so‘mlik 1 dona uchuvchisiz uchish apparati, 1 dona elektroshoker, 14 shisha konyak va viskilarni noqonuniy ravishda O‘zbekistonga olib kirayotgani aniqlandi.

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan X.T.ning qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida esa og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan hamda tegishli me’yordan ortiqcha bo‘lgan qiymati 6,8 mln. so‘mlik 19 turdagi, 342 dona ko‘zoynakni yashirib olib kirishga uringani zoye ketdi.

Mazkur post xodimlarida shubha uyg‘otgan yana bir fuqaro A.Sh. xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda taqdim qilinmagan, bel va oyoq qismlariga skotchlab yashirilgan holda qiymati 2,4 mln so‘mlik 48 dona uyali aloqa vositalarini respublikaga olib kirayotganida to‘xtatib qolindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvi olib borilmoqda.