Oliy Majlis Qonunchilik palatasida YUNISEF ishtirokida O‘zbekistonda bolalar va yoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ombudsman to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Xalq so‘zi» nashri xabar qildi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bolalar va yoshlarga oid siyosat Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Bola huquqlari bo‘yicha BMT konvensiyasi va boshqa xalqaro huquqiy hujjatlar qoidalariga asoslanadi.

Tadbirda qayd etilishicha, o‘tgan yillar daomida Mehribonlik uylaridagi tarbiyalanuvchilar sonini qisqartirishga erishilgan. 2005 yilda 28 ta muassasada uch mingdan ortiq bolalar yashagan bo‘lsa, ayni paytda 19 ta Mehribonlik uyi va uchta bolalar shaharchasida 2441 nafar bola tarbiyalanyapti.

Shunga qaramay mamlakatda bolalar va yoshlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish faoliyati bo‘shligi kuzatilmoqda, deyildi tadbirda.

BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Renate Vinterning fikricha, bolalar ombudsmani mustaqil bo‘lishi kerak. Bu voyaga yetmaganlar huquqlari va manfaatlarini ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, bolalar ombudsmani va inson huquqlari bo‘yicha ombudsman byudjeti alohida-alohida bo‘lishi ham dolzarbdir. Zero, bu uning mustaqilligini ta’minlaydi.

Xalqaro ekspert O‘zbekiston bolalar ombudsmanini joriy etishda bolalar va yoshlarning huquqlarini o‘ttiz yoshgacha himoya qilish bo‘yicha keng yosh qamrovini belgilab olgan, deb hisoblaydi. «Bu amaliyotda ayrim muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sababi maktab o‘quvchisi va 25 yoshli insonning qiziqishlari hamda muammolari turlichadir», — deb yozadi nashr.

Shuning uchun mutaxassislar ushbu mezonni qayta ko‘rib chiqishlari zarur. Ayni chog‘da bolalar ombudsmani yosh avlod huquqlari buzilishi bo‘yicha surishtiruv olib borish, huquqni muhofaza qilish organlaridan zarur ma’lumotlarni olish huquqiga ega bo‘lishi darkor.

Renate Vinter aytib o‘tganidek, bolalar ombudsmani faoliyat yuritadigan davlatlarda maktablarga kiraverishda «Ishonch telefonlari» o‘rnatilgan. Shu orqali bolalar turli masalalar bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin. Shunday qilib, bolalarda ularni himoyalashga qodir inson borligiga nisbatan ishonch hosil bo‘ladi.

Davra suhbati ishtirokchilarining fikricha, bolalar ombudsmani faoliyati bola shaxsi, uning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoyalashni kuchaytirish borasida jamoatchilik dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu davlat tuzilmalari, ota-onalar va vasiylarga ham birdek taalluqlidir.