Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati oxirgi to‘rt kunda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq bir qator holtlarni ma’lum qildi.

2018 yilning 1 dekabr kuni Andijon viloyatining Bo‘z tumanida yashagan G. S. (ismli ayol) uyi yotoqxonasida o‘rnatilgan isitish pechidan sizib chiqqan is gazidan o‘zi hamda mehmonda bo‘lgan qo‘shnisi O.S. (ismli ayol)lar zaharlanib kasalxonaga keltirilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay G. S. shu yerda vafot etgan.

Joriy yilning 3 dekabr kuni Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yashovchi S.U. (ismli ayol) uyini isitish maqsadida o‘tin yoqib, cho‘g‘larini yotoqxonasiga olib kirishi oqibatida o‘zi va 3 nafar farzandlari is gazidan zaharlangan. Ularga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

3 dekabr kuni Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yashovchi N.Yu. (ismli ayol) uyida isitish pechini yoqib uxlab qolishi oqibatida, isitish pechidan sizib chiqqan tabiiy gaz isidan o‘zi va 3 nafar farzandlari zaharlangan. Ularga kasalxonada tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Har ikkala holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 3 dekabr kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi uy bekasi F.A. (ismli ayol) uyida isitish pechidan sizib chiqqan tabiiy gaz isidan zaharlanib, kasalxonaga yotqizilgan.

Jizzax shahrida 3 dekabr kuni Qaliya mahallasida yashovchi B.K. uyida tabiiy gazning chala yonishi oqibatida, gaz isidan zaharlanib, kasalxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, shu kuni Jizzax viloyatining Forish tumanida yashovchi O.N.ni uyida isitish pechidagi tabiiy gazni chala yonishi oqibatida o‘zi va turmush o‘rtog‘i D.D. hamda o‘g‘li gaz isidan zaharlanib, kasalxonaga yotqizilganlar. Barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.