Farg‘ona viloyatida avtomobil olish istagida bo‘lgan 73 fuqaroni chuv tushirgan «Farg‘ona avto savdo» MCHJning ombor mudiri vazifasida ishlagan I.Telyabayevga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha So‘x tumani sudining 2018 yil 3 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, Ilhom Telyabayev aldash va ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan juda ko‘p miqdordagi o‘zganing mulkini qo‘lga kiritganlikda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 4-qismining «a» bandi bilan aybdor deb topilib, to‘qqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Sudning hukmiga ko‘ra, I.Telyabayev «Farg‘ona avto savdo» mas’uliyati cheklangan jamiyatida ombor mudiri vazifasida ishlab kelgani holda xizmat vazifalariga jamiyat tomonidan sotilayotgan avtomashinalar uchun to‘lovlarni qabul qilish va avtomashinalar savdosi bilan shug‘ullanish kirmasada oldindan jinoiy reja tuzgan. U asosan jabrlanuvchilar bilan shaxsiy yoki qarindosh-urug‘lik munosabatlaridan foydalanib, ulardan naqd pul shaklida avtomashinalar uchun to‘lovlarni qabul qilib olib, ayrimlariga avtomashina sotib olib berish, ayrimlariga foydasi bilan pullarini qaytarib berish orqali boshqa shaxslarning ishonchiga kirdi. 2017 yil iyul oyidan 2018 yil may oyiga qadar jami 71 nafar jabrlanuvchilarning 9 mlrd 329 million so‘mdan ortiq pullari va mulklarini takroran, aldash yoki ishonchni suiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish jinoyatlarini qasddan sodir etgan.

Ish bo‘yicha 14 nafar jabrlanuvchilar tomonidan ularga yetkazilgan 1 milliard 749 million so‘m moddiy zarardan ixtiyoriy voz kechilgan bo‘lib, qolgan jabrlanuvchilarga yetkazilgan 7 milliard 579 million so‘m moddiy zararni sudlanuvchidan undirish belgilandi.

Sud jinoyatlarni sodir etilishi sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish yuzasidan «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyatiga xususiy ajrim bilan munosabat bildirdi.