O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar importiga nisbatan subsidiyaga qarshi tekshiruvlar to‘xtatildi, deya xabar beradi Ukraina Iqtisodiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmati. Qaror 3 dekabr kuni mamlakatning Xalqaro savdo bo‘yicha idoralararo komissiyasi yig‘ilishida qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyining boshida «Ukravtoprom» Ukraina avtomobil ishlab chiqaruvchilari uyushmasining shikoyati asosida idoralararo komissiya O‘zbekiston avtomobillari importiga nisbatan subsidiyaga qarshi tekshiruvni boshlagan edi. Unda o‘zbek ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston hukumatidan subsidiyalar olishi mumkinligi, bu esa Ukraina avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun teng shart-sharoitlar yaratmasligiga olib kelayotgani qayd etilgan edi.

Mamlakatning iqtisodiy regulyatori bayonotiga ko‘ra, tergov davomida O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi rasmiy bayonotlar bergan.

O‘zbekiston prezidentining 2008 yil 21 avgustdagi «Chet el investitsiyalari ishtirokida korxonani tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, o‘zbek ishlab chiqaruvchilariga 2017 yil oxirigacha imtiyozlar berilgan. 2018 yildan buyon ular kuchga ega emas, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston tashqi savdo vazirligi ham Ukraina tomoniga Ukrainadagi o‘zbek avtomobillarining asosiy ulushini Ukrainada ishlab chiqarilmaydigan «A» sinfidagi avtomashinalari tashkil etishini ma’lum qilgan edi.

Ukraina Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda mamlakatga 13940 ta yangi mashina import qilingan bo‘lib, ulardan 2823 tasi O‘zbekistondan. Biroq 2018 yil yanvar-avgust oylarida Ukraina hududiga 7808 ta mashina import qilingan va ulardan faqat 702 tasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan.

Shunday qilib, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligining qayd etishicha, 2018 yilda 2017 yilga nisbatan O‘zbekiston avtomobillarining umumiy importdagi ulushi 20,3 foizdan 9 foizgacha kamaydi, 2018 yilning so‘nggi oylarida O‘zbekistondan import deyarli yo‘q.

Xalqaro savdo bo‘yicha idoralararo komissiya kompensatsiya choralarini qo‘llash zarur emasligini aniqladi va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar importiga nisbatan subsidiyaga qarshi tekshiruvlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Avvalroq O‘zbekiston Ukrainada ishlab chiqarilgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni to‘xtatgani to‘g‘risida yozgan edik. Jumladan, elchi Yuriy Savchenko ukrain farmatsevtika ishlab chiqaruvchilariga tayanib, O‘zbekiston dori vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni to‘xtatganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, 1 dekabrda Ukraina Shakar ishlab chiqaruvchilari milliy assotsiatsiyasi («Ukrsukor») ham O‘zbekistonga yetib borayotgan shakar va boshqa mahsulotlar ham tushirib olinmayotgani va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmayotganini ma’lum qildi.