O‘zbekiston Markaziy banki xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi kurslarini belgiladi.

AQSH dollari 15,6 so‘mga qimmatlab, 8314,85 so‘mga yetgan bo‘lsa, yevro 3 so‘mga arzonlab, 9408 so‘mni tashkil etdi.

Dollarning so‘mga nisbatan kursi 7 iyuldan buyon mustahkamlanib bormoqda. O‘shanda dollar kursi 6,8 foizga mustahkamlangan edi (7783,05 so‘mdan).

Markaziy bank sentyabrda avgust oyidan boshlab almashuv kursi dinamikasiga tashqi omillar, ayniqsa asosiy savdo hamkorlar bo‘lgan davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi (Rossiya — 19 foiz, Qozog‘iston — 17 foiz, Xitoy — 9 foiz, Turkiya — 56 foiz) ta’siri kuchayganini qayd etgan edi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu davlatlar valyutalari kurslarining keskin o‘zgarishi so‘m almashuv kursiga bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatdan keyin o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

MB raisi Mamarizo Nurmuratov noyabr oyi oxirida bank boshqaruvi yig‘ilishida valyutalar kursiga tashqi omillarning katta ta’sir ko‘rsatishi ikki oydan yetti oygacha bo‘lgan muddatda o‘z aksini topishini tasdiqlagan edi.

«Yozda juda ko‘p valyuta keldi, ayni paytda unga talab yuqori bo‘lmadi. Kurs tushishni boshladi, biz bozorga qo‘shimcha pullarni chiqarib, inflyatsiya uchun zamin yaratgan holda ortiqcha valyutalarni sotib olishni boshladik. Endi valyuta bozoridagi operatsiyalar mexanizmini takomillashtiramiz. Biz xursandchilik bilan valyuta sotib olib, kursni tushira olmaymiz. Uchinchi va to‘rtinchi choraklarda bizda valyutaga talab ortadi», — dya izoh bergan edi u.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov «Gazeta.uz"ga O‘zbekiston iqtisodiyoti «kreditlashning yuqori sur’atlarini hazm qila olmagani"ni ma’lum qildi.

«Biz tezroq o‘sa olmaymiz, u holda ortiqcha qizib ketishlar, inflyatsiyaga bosimlar bo‘ladi. O‘tgan davrda kuzatganimizdek, bozordagi iqtisodiyot hazm qila olmaydigan ortiq resurslar (kreditlar) qayergadir ketishi kerak. Bizning holatda bir qismi valyuta bozoriga ketdi va xorijiy valyutaga talabning oshishiga olib keldi, boshqa qismi esa inflyatsiyaga bosim o‘tkazdi», — deya izoh bergan edi.