O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, quyidagilar suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqarish hamda ulardan foydalanish sohasida ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy qilish;
  • suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida hisobga olish hamda monitoring qilishni ta’minlaydigan zamonaviy axborot va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, respublikadagi barcha iste’molchilarni ichimlik suvini hisobga oluvchi zamonaviy asboblar bilan jihozlash;
  • turar joy komplekslarini qurishda sanitariya talablarini, shu jumladan, mahalliy tozalash inshootlarini qo‘llash orqali ta’minlash maqsadida kanalizatsiya ob’ektlarini ichimlik suvi ta’minoti ob’ektlari bilan birgalikda loyihalashtirish, qurish hamda rekonstruksiya qilish;
  • ichimlik suvi ishlab chiqarish va sotish xarajatlarini o‘zi to‘liq qoplashini ta’minlaydigan, suv ta’minoti hamda kanalizatsiya ob’ektlarini boshqarish va ulardan foydalanishga xususiy sektorni jalb qilish imkonini beradigan yangi tarif siyosatini ishlab chiqish orqali suv ta’minoti va kanalizatsiya korxonalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash;
  • suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga 2019 yilning 1 yanvariga qadar xalqaro maslahatchilar jalb qilingan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020−2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasining loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi:

  • suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasining ahvoli va uni rivojlantirish yo‘nalishlarini kompleks tahlil qilish;
  • aholini ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlashning maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini boshqarish va ulardan foydalanish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish;
  • tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, avvalo, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
  • ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion yechimlar, shuningdek, ichimlik suvini hisoblashning zamonaviy asboblarini joriy etish.

O‘zbekiston rezidentlari bo‘lmagan yuridik shaxslar quyidagi loyihalar doirasida yuridik shaxslarning ishlar va xizmatlar ko‘rsatishdan topilgan daromadidan olinadigan foyda solig‘idan ozod etildi:

  • O‘zbekiston prezidentining 2010 yil 16 apreldagi PQ-1324-son qarori bilan tasdiqlangan «Navoiy va Buxoro viloyatlari tuman markazlarini tutashtirgan holda Damxo‘ja hududlararo suv quvurini modernizatsiya qilish. Termiz shahrining kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish» loyihasi;
  • O‘zbekiston prezidentining 2010 yil 30 iyuldagi PQ-1378-son qarori bilan tasdiqlangan «Qo‘qon va Andijon shaharlarining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini hamda Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari va Rishton tumani markazining suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish» loyihasi.

Moliya vazirligi huzuridagi «Toza ichimlik suvi» jamg‘armasi Moliya vazirligi huzuridagi Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasiga aylantirildi va unga kanalizatsiya ob’ektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturlari va loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

Jamg‘armaning 248,1 million AQSH dollari miqdoridagi dastlabki kapitali quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

  • 2019 yilgi O‘zbekiston Davlat byudjeti doirasida suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini qurish hamda modernizatsiya qilishga yo‘naltiriladigan kapital qo‘yilmalardan — 131,8 million AQSH dollari ekvivalentida;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli kreditlaridan — 95,6 million AQSH dollari miqdorida;
  • 2019 yil boshida belgilanadigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar byudjetlari, Toshkent shahar byudjeti mablag‘larining bo‘sh qoldiqlaridan — 20,7 million AQSH dollari ekvivalentida.

Xorijiy maslahatchilarni jalb etgan holda, Toshkent shahri suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshiriladi.

2019 yil 1 aprelgacha Andijon, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida Shveysariya hukumatining grantlari ishtirokida amalga oshirilgan tajriba loyihalari asosida suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlarini boshqarish hamda ulardan foydalanishning tajribadan o‘tkazilgan ushbu shakllari boshqa qishloq aholi punktlarida ham tatbiq etiladi.

2019 yil 1 iyulgacha Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshi shaharlarida suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga beriladi.

Suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida shartnoma tuzgan yuridik shaxslar tegishli shartnoma imzolangan sanadan boshlab 3 yil muddatga yagona ijtimoiy to‘lovdan boshqa barcha turdagi soliqlar va majburiy to‘lovlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha uskunalar, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallarni olib kelishda bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod etildi.

Kanalizatsiya xizmatlari uchun tariflarga miqdori Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududiy moliya organlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan maxsus ustama puli belgilanadi.

To‘rtta hududlararo filiallar negizida mamlakatning barcha hududlarida (Toshkent shahridan tashqari) «Suv ta’minoti va kanalizatsiya ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi» DUKning hududiy boshqarmalarini tashkil etiladi.