Fransiya konsorsiumi Chorvoq suv omborida qishki va yozgi sport inshootlari, akvaparklar, ekoturizm yoki alpinizmni rivojlantirish uchun dam olish markazlarini aniqlaydi. Bu haqdagi kelishuv 21 noyabr kuni turizm infratuzilmalarini rivojlantirish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi Orex Loisirs, Compagnie des Alpes, Geode, Egis, Epode, Patriarch kompaniyalari vakillari va Toshkent viloyati hokimligi tomonidan imzolandi, deya xabar berdi Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.

Bo‘stonliq tumanida sayyohlik zonalarini obodonlashtirish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslarni (TIA) ishlab chiqish Fransiya ajratgan grant hisobiga moliyalashtiriladi.

Konsorsium mutaxassislari hududni dastlabki o‘rganishga kirishib ulgurdi. Ko‘lni ifloslantirish va landshaftning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kompaniyalar qurilish qoidalari, kanalizatsiyaga ulanish, yerdan foydalanish shartlarini hamda zarur infratuzilmalar qiymatini hisob-kitob qilib chiqishni taklif etmoqda.

Fransiya rivojlantirish agentligi Chorvoq to‘g‘onini kompleks boshqarish bo‘yicha takliflarni ilgari surmoqda. Shu orqali suv omboridan turizm va qishloq xo‘jaligi, shuningdek elektr energiyasi ishlab chiqarish maqsadlarida optimal foydalanish imkoniyati yaratiladi.

2014 yilda fransuz kompaniyalari konsorsiumi hududning sayyohlik salohiyatiga baho berish uchun O‘zbekistonga kelgan edi. 2017 yilda esa O‘zbekiston Bo‘stonliq tumanida erkin turistik zonaga asos solib, yana bir bor ularga murojaat qilindi.

Konsorsiumning ko‘plab ishtirokchi kompaniyalari Fransiyadagi qadimgi Shamoni kurort-shahri, baland osma yo‘lli tog‘-chang‘i trassasi hamda Ansi ko‘li qirg‘og‘ini obodonlantirish bilan shug‘ullangan. Ular turistik hududlarni ekologiya va ekotizimlarga ehtiyotkorona munosabatda barqaror rivojlantirish bo‘yicha takliflarni ilgari suradi.