O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruvi raisi Shuhrat Jalilov O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloga I darajali «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonini topshirish maqsadida shoirning xonadoniga tashrif buyurdi, deya xabar qildi O‘zA.

Ma’lumki, prezidentning 2016 yil 28 dekabrdagi «O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni (I, II, III darajali) ta’sis etilgan edi. Ushbu ko‘krak nishon bilan iqtisodiyot va ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalardagi uzoq yillik halol mehnatlari uchun mehnatkashlarga, shuningdek, ishlamaydigan, jamiyatda mustahkam oilani saqlab qolgan, farzandlarini kattalarga va kichik avlodga hurmat, jamiyat oldidagi mas’uliyat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab hurmat qozongan onalarga taqdim etiladi.

Shukrullo domla mamlakat shoir va yozuvchilari orasida «Nuroniy» jamg‘armasining ana shunday yuksak I darajali (oltin) «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan ilk yozuvchidir. Endi uning xonadoni eshigida «Bu yerda I darajali „Mehnat faxriysi“ nishoni bilan taqdirlangan O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo Yusupov istiqomat qiladi» yozuvi bo‘lgan belgi — bronza taxtacha o‘rnatiladi.

Shuhrat Jalilov boshchiligidagi «Nuroniy» jamg‘armasi faollari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev xonadonida ham bo‘lib, yozuvchiga I darajali (oltin) «Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonini tantanali topshirdi.