O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 noyabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot avvalida Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidentini tug‘ilgan kuniga 60 yil to‘lishi munosabati bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda Sooronbay Jeenbekovning o‘tgan yil dekabr oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi muhim voqea bo‘ldi. Uning yakunida amaliy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha salmoqli kelishuv va bitimlarga erishildi.

Muloqotda sheriklikni mustahkamlash, o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikda mavjud katta salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarish lozimligini ta’kidladilar.

Mamlakatlar chegaraoldi hududlari o‘rtasida muntazam o‘tkazilayotgan qo‘shma tadbirlarning samarali natijalari qayd etildi. Joriy yil mart oyida Farg‘onada O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi. O‘tgan oyda O‘zbekistonda Qirg‘iziston Respublikasi madaniyati va san’ati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekistonda buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi keng nishonlanmoqda.

Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qirg‘iziston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy tabrik va tilaklar uchun minnatdorlik bildirdi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari qardosh O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining farovonligi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama kengaytirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.