9 noyabr kuni Bekobod shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 8-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining 8 nafar tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlanishi tashhisi ehtimoli bilan yotqizilgan, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Bekobod shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida, hozirgi kunga qadar 8-sonli maktabgacha ta’lim muassasasining jami 56 nafar tarbiyalanuvchisi va 2 nafar tarbiyachisi tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan bo‘lib, ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shahar tibbiyot birlashmasining 10 noyabrdagi ma’lumotnomasiga ko‘ra, murojaat qilgan shaxslarning sog‘ligi darajasi o‘rtacha og‘irlikni tashkil etib, «ovqat toksikoinfeksiyasi» tashhisi qo‘yilganligi ko‘rsatilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan sudga oid kimyoviy va bakteriologiya ekspertizalari tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Bosh prokuratura tomonidan tekshiruv harakatlari ustidan tegishli nazorat o‘rnatilgan.