«Toshshahartransxizmat» AJ rahbariyati jamiyat faoliyatini rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan transport xizmati sur’ati va sifatini yaxshilash, yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishda aholining talab va takliflari hamda murojaatlarini inobatga olmoqda. Yangi «183-Binokor qo‘rg‘oni — Do‘stlik metro bekati» hamda «120-Keles shaharchasi — Chorsu metro bekati» yo‘nalishlari ham aholi murojaatlari asosida tashkil etildi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati xabar berdi.

3- va 5-avtosaroylar tomonidan avtobuslar biriktirilishi ko‘zda tutilgan mazkur yangi yo‘nalishlarda qatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi anchadan buyon o‘z yechimini kutayotgandi. Jamiyat tarkibidagi avtosaroylarga yangi avtobuslarning keltirila boshlagani natijasida qo‘shimcha yo‘nalishlar ochishga imkon yaratdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Xo‘sh, shu kungacha ushbu yo‘nalishlarda hech qanday transport qatnovi yo‘lga qo‘yilmaganmidi? Bu yo‘nalishlarda xususiy tashuvchilar transport xizmatlari ko‘rsatib kelgan. Afsuski, ular tomonidan yo‘lovchilar uchun hech qanday imtiyozlar berilmagan. Aholining murojaatlariga ham aslida ana shunday holatlar sabab bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, «Toshshahartransxizmat"AJ tomonidan transport xizmati ko‘rsatilayotgan avtobus yo‘nalishlarida oylik yo‘l chiptalari, imtiyozli guvohnomalar hamda jetonlar to‘la amal qiladi.